Prokuratura toʻgʻrisida 19-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining prokuratura idoralariga rahbarlik qilish borasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura idoralarining faoliyatiga rahbarlik qiladi va bu faoliyat ustidan nazoratni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Oʻzbekiston Respublikasining barcha prokuror xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar, koʻrsatmalar, yoʻriqnomalar chiqaradi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining tergov ishlariga doir masalalar boʻyicha koʻrsatmalari barcha tergov idoralarining ijrosi uchun majburiydir. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyruqlari va boshqa hujjatlari basharti Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hamda oʻzga qonunlariga mos kelmaganda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻzi ham bekor qilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori ajratilgan shtat birligi va mablagʻlar doirasida oʻziga boʻysinuvchi prokuraturalarni tashkil etadi va tugatadi, respublika Prokuraturasi apparatining va quyi pogʻonadagi prokuraturalar tarkibini hamda xodimlari shtatini tasdiqlaydi. Barcha darajadagi va pogʻonadagi prokuraturalar tashkiliy tarkibining tuzilishi va mansab okladlari belgilangan budjet ajratmalari va shtat birligi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan belgilanadi.