Prokuratura toʻgʻrisida 22-modda. Prokuratura idoralarining hayʼati

Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturalarida, viloyatlar, Toshkent shahri va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarda hayʼatlar faoliyat koʻrsatadi. Hayʼatlar kengash qabilidagi idora boʻlib, qonuniylik va huquq-tartibotning ahvoliga, prokuratura idoralarining faoliyatiga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori buyruqlari va koʻrsatmalarining ijrosiga, kadrlarga doir eng muhim masalalarni qarab chiqadi, oʻz boʻysinuvidagi prokurorlarning, prokuratura tarkibiy boʻlinmalarining va boshqa xodimlarning hisobotlarini tinglaydi. Tegishli hayʼatlarning majlislarida vazirliklar, idoralar, davlat boshqaruvi, nazorati va tekshiruvi idoralarining, korxona, muassasa va tashkilotlar, birlashmalar rahbarlarining, harbiy qismlar va qoʻshilmalar komandirlari hamda oʻzga mansabdor shaxslarning qonunlar ijrosi masalalariga doir axborotlari va tushuntirishlari tinglanishi mumkin. Hayʼatlarning eng muhim qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining va tegishli prokurorlarning buyruqlari bilan hayotga tatbiq etiladi. Bosh prokuror bilan hayʼatning fikri bir erdan chiqmagan taqdirda, Bosh prokuror oʻz qarorini amalga oshiradi va bundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisini voqif etadi. Quyi pogʻonadagi prokuraturalar hayʼati aʼzolari oʻrtasida ziddiyat kelib chiqqan taqdirda tegishli prokuror oʻz qarorini amalga oshirib, bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga yozma ravishda axborot beradi.

III. PROKUROR NAZORATI