Oʻzbekiston Respublikasining oliy yuridik maʼlumoti bor va zarur kasb-korga hamda axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan fuqarolari prokuror etib tayinlanadilar. Prokuratura idoralarida lavozimga birinchi marta tayinlangan shaxslar qasamyod qiladilar. Qasamyod matni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman, shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar lavozimiga yoshi 25 dan kam boʻlmagan shaxslar tayinlanadi. Prokurorlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori belgilaydigan tartibda attestatsiyadan oʻtishlari lozim. Prokuratura idoralarida xizmat qilish bilan bir vaqtda pulli yuridik xizmat koʻrsatishga, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda oʻrindoshlik asosida ishlashga yoʻl qoʻyilmaydi, ilmiy, pedagogik va ijodiy faoliyat bundan mustasnodir. Faoliyati qonuniyligi prokuror nazorati ostida boʻlgan saylov yoʻli bilan tashkil etiladigan idoralarga prokurorning oʻzi saylanishi mumkin emas.