Prokuratura toʻgʻrisida 51-modda. Prokuratura xodimlarini ragʻbatlantirish va ularning intizomiy javobgarligi

Prokurorlar va prokuratura tergovchilarini ragʻbatlantirish hamda intizomiy javobgarlikka tortish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura idoralari xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori prokuratura idoralarining xodimlarini koʻp yillik va halol xizmati uchun koʻkrakka taqiladigan “Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasining faxriy xodimi” nishoni bilan taqdirlab, ularga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Faxriy yorligʻini topshirishi mumkin. Koʻkrakka taqiladigan “Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasining faxriy xodimi” nishoni bilan taqdirlashga taqdim etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori respublikada qonuniylikni mustahkamlash ishidagi alohida xizmatlari, koʻp yil va samarali ishlaganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi idoralarining xodimlarini davlat mukofotlariga taqdim etishi mumkin.