Emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi: emissiya jarayonida qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari emitent tomonidan buzilganligi aniqlanganda, shuningdek emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishi haqida eʼlon qilingan axborotda notoʻgʻri maʼlumotlar aniqlangan taqdirda ular bartaraf etilguniga qadar toʻxtatib turiladi; ularning chiqarilishini toʻxtatib turishga olib kelgan qoidabuzarliklar emitent tomonidan bartaraf etilmagan, shuningdek chiqarish toʻgʻrisidagi qarorda belgilangan muddatda mazkur chiqarilishdagi qimmatli qogʻozlarning 60 foizdan kam qismi joylashtirilgan taqdirda amalga oshmagan deb topiladi, mazkur chiqarilishdagi qimmatli qogʻozlarning kamida 30 foizi qimmatli qogʻozlarning birja bozorida va uyushgan birjadan tashqari bozorida joylashtirilgan hollar bundan mustasno; sudning tegishli qarori mavjud boʻlgan taqdirda haqiqiy emas deb topiladi. Emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, mazkur chiqarilishning barcha qimmatli qogʻozlari muomaladan olinishi lozim, amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini joylashtirishdan emitent olgan mablagʻlar esa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda egalariga qaytarilishi kerak. Emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topish va mablagʻlarni egalariga qaytarish bilan bogʻliq chiqimlarning oʻrni emitent hisobidan qoplanadi.