Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida 15-modda. Qimmatli qogʻozlarning muomalasi

Qimmatli qogʻozlar muomalasi qimmatli qogʻozlar bozorida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bitimlar tuzish orqali amalga oshiriladi. Qimmatli qogʻozlarning birja bozorida va uyushgan birjadan tashqari bozorida qimmatli qogʻozlarga doir bitimlarni tuzish hamda roʻyxatdan oʻtkazish ularni yozma ravishda (qogʻozda) rasmiylashtirish zaruratisiz, elektron shaklda amalga oshiriladi. Qimmatli qogʻozlarga doir boshqa bitimlar yozma shaklda amalga oshiriladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak. Tashkil etilgan bozorlarda oldi-sotdi bitimlarini tuzish paytida ular yuzasidan hisob-kitob qilish muddatlari qimmatli qogʻozlar savdosi tashkilotchisining qoidalari bilan, boshqa hollarda esa oldi-sotdi shartnomalari bilan belgilanadi. Belgilangan muddatlar buzilgan taqdirda, bitim haqiqiy emas deb hisoblanadi.