Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida 35-modda. Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining markaziy roʻyxatdan oʻtkazuvchi vazifasini bajarishdagi huquq va majburiyatlari

Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi markaziy roʻyxatdan oʻtkazuvchi vazifasini bajarayotganda qimmatli qogʻozlarning nominal saqlovchilaridan aksiyalar egalari reyestrlarini va korporativ obligatsiyalar egalari reyestrlarini shakllantirish uchun zarur maʼlumotlarni soʻrash va olish huquqiga ega. Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi markaziy roʻyxatdan oʻtkazuvchi vazifasini bajarayotganda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi markaziy roʻyxatdan oʻtkazuvchi vazifasini bajarayotganda: aksiyalar egalarining va korporativ obligatsiyalar egalarining belgilangan sanadagi holatga koʻra shakllantirilgan reyestrlarini saqlashi; aksiyalar egalarining va korporativ obligatsiyalar egalarining reyestrlaridagi mavjud axborotni ushbu Qonunga muvofiq taqdim etishi; aksiyalar egalarining va korporativ obligatsiyalar egalarining reyestrlaridagi mavjud axborotning maxfiyligini taʼminlashi shart. Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi markaziy roʻyxatdan oʻtkazuvchi vazifasini bajarayotganda qonun hujjatlariga muvofiq uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.