Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida 46-modda. Qimmatli qogʻozlar bozorida maxfiy axborotni oshkor qilish

Maxfiy axborotni oshkor qilish qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi. Mijozlarning hisobvaraqlari boʻyicha maʼlumotnomalar ularning oʻzlariga yoki vakillariga, vakolatlariga taalluqli masalalar yuzasidan monopoliyaga qarshi davlat organiga, davlat soliq xizmati organlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamentiga, sudlarga, qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻlgan taqdirda esa tergov va surishtiruv organlariga beriladi. Mijozlarning — jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari boʻyicha maʼlumotnomalar ularning egalari vafot etgan taqdirda, merosxoʻrlarga yoki hisobvaraqning egasi koʻrsatgan shaxslarga, oʻz ish yurituvidagi meros ishlari yuzasidan notarial idoralarga beriladi, chet el fuqarolariga nisbatan esa chet davlatning konsullik muassasalariga beriladi. Birja bitimining mazmuni haqidagi axborot sudlarga taqdim etiladi, tergov va surishtiruv organlariga esa qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻlgan taqdirda taqdim etiladi. Maxfiy axborot qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organiga u qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligi faktlarini koʻrib chiqayotgan hollarda oshkor qilinadi. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq maxfiy axborot qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etiladi.