Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan ilgari qoʻllanilgan choralar samarasiz boʻlgan taqdirda, vakolatli davlat organi xoʻjalik yurituvchi subyektni majburiy tarzda boʻlish yoki ajratib chiqarish haqidagi daʼvo bilan sudga murojaat qiladi, boʻlish yoki ajratib chiqarish mazkur xoʻjalik yurituvchi subyekt negizida ikki yoxud bir nechta alohida xoʻjalik yurituvchi subyektni tashkil etish orqali amalga oshiriladi. Xoʻjalik yurituvchi subyektni majburiy tarzda boʻlish yoki ajratib chiqarish quyidagi shartlarning barchasi jam boʻlganda amalga oshirilishi mumkin: boʻlinayotgan yoki ajratib chiqarilayotgan tarkibiy boʻlinmalarning tashkiliy va hududiy jihatdan alohida ajralib chiqish imkoniyati mavjud boʻlganda; uning tarkibiy boʻlinmalari oʻrtasida uzviy texnologik bogʻlanish mavjud boʻlmaganda; boʻlish yoki ajratib chiqarish natijasidagi tarkibiy boʻlinmalarning tovar yoki moliya bozorida mustaqil ravishda faoliyat koʻrsatish imkoniyati mavjud boʻlganda.