Reklama toʻgʻrisida 12-modda. Reklama beruvchining huquq va majburiyatlari

Reklama beruvchi quyidagi huquqlarga ega: reklama toʻgʻrisida shartnoma tuzish haqida oshkora taklif (ommaviy oferta) kiritish, shu jumladan uni elektron shaklda kiritish; reklama vositalarini, shuningdek reklama materiallarining hajmlarini va ushbu materiallarni yetkazib berish shakllarini mustaqil ravishda belgilash, bundan qonunda belgilangan hollar mustasno. Reklama beruvchi: zarur boʻlgan taqdirda, reklama tayyorlovchining va (yoki) tarqatuvchining talabiga koʻra reklama axborotining ishonchliligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi; agar reklama qilinayotgan faoliyat litsenziyalanishi lozim boʻlsa yoki uning yuritilishi tegishli ravishda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat olishni talab qilsa, reklama ishlab chiqaruvchi va tarqatuvchiga tegishli litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni taqdim etishi, shuningdek majburiy sertifikatlashtirilishi lozim boʻlgan tovar reklama qilingan taqdirda, sertifikatni taqdim etishi; reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi vakolatli davlat organi tomonidan aniqlangan taqdirda, vakolatli davlat organining qaroriga koʻra u koʻrsatgan muddatda aksilreklamani amalga oshirishi; vakolatli davlat organining soʻroviga koʻra reklama axborotiga doir hujjatlar va materiallarni belgilangan muddatda taqdim etishi; Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining soʻroviga koʻra tashqi reklama obyektlaridan foydalanish bilan bogʻliq hujjatlar hamda materiallar taqdim etishi shart. Reklama beruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.