Reklama toʻgʻrisida 28-modda. Radiodagi reklama

Radioda tarqatilayotgan reklamaning, radiodasturlarni reklama bilan uzib qoʻyishning umumiy davomiyligi eshittirish vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada eshittirish vaqtining oʻn besh foizidan oshishi mumkin emas. Ushbu talab eshittirishlari faqat reklama radiodasturlariga ixtisoslashtirilgan radiokanallarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Sport musobaqasining (shu jumladan sport bellashuvlari, oʻyinlari, janglari, poygalarining) jonli efirdagi yoki yozib olingan holdagi namoyishi, agar radiokanalning huquq egasi bilan tuzilgan shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, faqat sport musobaqalari jarayonidagi tanaffuslarda yoki ular toʻxtatib turilgan vaqtda reklama bilan, shu jumladan homiylik reklamasi bilan uzib qoʻyilishi mumkin. Quyidagilar taqiqlanadi: reklama joylashtirish maqsadida davlat tadbirlari va marosimlarining namoyishini uzib qoʻyish; reklama va uning anonsi, shu jumladan radioeshittirishlar haqidagi anons tovushining balandligi darajasini reklama va radioeshittirishlar reklamasi haqidagi anons bilan uzib qoʻyilgan eshittirish tovushiga nisbatan balandroq qilib belgilash. Chet el radiokanallari retranslyatsiya qilinayotganda tarqatiladigan reklama axborotining ushbu Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiqligini taʼminlash imkoni boʻlmagan taqdirda, bunday kanallarning dasturlari reklamadan foydalanuvchilarga reklama axborotisiz taqdim etiladi.