Reklama toʻgʻrisida 30-modda. Telekommunikatsiyalar xizmatlarini koʻrsatish chogʻidagi reklama

Telekommunikatsiyalar xizmatlarini koʻrsatish chogʻida reklamani tarqatishga faqat, basharti abonent oldindan rozilik bersa, yoʻl qoʻyiladi. Maʼlumotlar beruvchi telefon xizmati koʻrsatishda reklama faqat soʻralgan axborot berilganidan keyin taqdim etilishi kerak. Bunda reklama taqdim etish vaqti xizmat narxini belgilashda hisobga olinmasligi kerak. Mahalliy, shaharlararo yoki xalqaro tovushli telefon aloqasidan foydalangan holda oʻziga reklama taqdim etiladigan reklamadan foydalanuvchi: taqdim etiladigan axborot reklama ekanligi toʻgʻrisida; reklama axborotini taqdim etishning pulli yoki tekinligi va uning narxi haqida; reklama qilinayotgan tovarga nisbatan qonunchilikda va xizmatlar koʻrsatuvchi tomonidan belgilangan yoshga doir hamda boshqa cheklovlar toʻgʻrisida oldindan xabardor qilinishi kerak. Shoshilinch tezkor xizmatlarning (yongʻindan saqlash, ichki ishlar organlari, tez tibbiy yordam, gaz tarmogʻining avariya xizmati va boshqalarning) raqamlaridan reklama tarqatish uchun foydalanish taqiqlanadi.