Reklama toʻgʻrisida 9-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining reklamaning aylanishi sohasidagi vakolatlari

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli maʼmuriy-hududiy birliklar doirasida: reklamaning aylanishi sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirishda vakolatli davlat organiga koʻmaklashadi; reklamaning aylanishi sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadi; tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) oʻrnatish uchun taklif etilayotgan yer uchastkalarining, binolarning va inshootlarning roʻyxatlarini shakllantiradi; davlat mulki boʻlgan yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) oʻrnatish huquqini olish uchun yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksionlar asosida tanlovlar oʻtkazadi; reklamaga oid faoliyat subyektlariga tashqi reklama obyektlaridan foydalanish bilan bogʻliq hujjatlar va materiallarni belgilangan muddatlarda taqdim etishga doir soʻrov yuboradi; qonunchilikka muvofiq tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) reklama joylari pasportini beradi hamda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar yer uchastkalariga, binolarga va inshootlarga, tashqi reklama hamda axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) oʻrnatish uchun shartnomalar tuzadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.