Hududiy saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi. Markaziy saylov komissiyasi saylovga kamida sakson kun qolganida hududiy saylov komissiyalarini komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibidan va komissiyaning oʻn ikki — oʻn sakkiz nafar boshqa aʼzolaridan iborat tarkibda tuzadi. Tuman, shahar saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda hududiy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi. Hududiy saylov komissiyasi saylovga kamida yetmish besh kun qolganida tuman, shahar saylov komissiyalarini komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibidan va komissiyaning sakkiz — oʻn sakkiz nafar boshqa aʼzolaridan iborat tarkibda tuzadi. Yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birliklarda hududiy saylov komissiyasi Senatning tavsiyasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, tuman, shahar saylov komissiyalari esa tegishli xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashining tavsiyasiga binoan hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida oltmish kun qolganida tuziladi hamda oʻz vakolatlarini keyingi saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilinguniga qadar amalga oshiradi. Hududiy, tuman, shahar saylov komissiyalari rasmiy veb-saytlarida va matbuot nashrlarida oʻz tarkibi, manzili va komissiyaning telefon raqamlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi.