Saylov kodeksi 27-1-modda. Chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar roʻyxatlariga kiritish

Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning roʻyxatlari mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida tuziladi. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar roʻyxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti toʻgʻrisida xabardor qiladi. Chet davlatlarda turgan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalariga ularni saylovchilar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisida saylovdan oʻn besh kun oldin yozma shaklda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarning ularni saylovchilar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisidagi murojaatida koʻrsatilgan shaxsga doir maʼlumotlarni tekshiradi va fuqaroni saylovchilar roʻyxatiga kiritish haqidagi masalani hal qiladi. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga darhol taqdim etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni shaxsga doir maʼlumotlar sohasidagi vakolatli davlat organiga Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun darhol taqdim etadi.