Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, roʻyxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi. Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi mumkin. Saylovchilar roʻyxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi. Saylovchilar roʻyxatlari Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish boʻyicha axborot tizimi maʼlumotlari asosida tuziladi. Harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining va boshqa saylovchilarning roʻyxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan maʼlumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari boʻyicha umumiy asoslarda saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi. Sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalar boʻyicha saylovchilar roʻyxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida tuziladi.