Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar roʻyxati bilan tanishish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar roʻyxatidan oʻzlariga tegishli maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyati taʼminlanadi. Chet davlatlarda turgan fuqarolarga saylovchilar roʻyxatidagi oʻziga tegishli maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyati Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari rasmiy veb-saytlari orqali ham taʼminlanadi. Saylovchilarning roʻyxatlari saylovga oʻn besh kun qolganida, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda esa saylovga uch kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi. Uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar roʻyxati hamma tanishib chiqishi uchun qulay boʻlgan holda taqdim etiladi. Bunday roʻyxatda saylovchilarning faqat familiyasi, ismi, otasining ismi va tugʻilgan yili koʻrsatiladi. Uchastka saylov komissiyasi roʻyxat bilan tanishish joyi va vaqti toʻgʻrisida xabardor etadi. Saylov komissiyalari saylovchilarning roʻyxatlari hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilganidan keyin ham ularga oʻzgartishlar kiritishi mumkin. Saylovchilarning roʻyxatlariga oʻzgartishlar kiritish saylovga besh kun qolganida toʻxtatiladi.