Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi boʻyicha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarga belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari beriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻyicha siyosiy partiya oʻzining saylovda ishtirok etishiga ijozat berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan keyingina saylovchilarning imzosini toʻplashga haqli. Bu sanaga qadar toʻplangan imzolar hisobga olinmaydi. Saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodlarni qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyishga haqli. Bunda saylovchi oʻz familiyasini, ismini, otasining ismini, tugʻilgan yilini (yoshi oʻn sakkizda boʻlsa, qoʻshimcha ravishda tugʻilgan kuni va oyini), yashash joyi manzilini, pasportining yoki identifikatsiya ID-kartasining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek imzo qoʻyilgan sanani koʻrsatadi. Mazkur maʼlumotlar qoʻlda yozib kiritiladi. Imzo varaqasiga oʻz imzosini qoʻyadigan saylovchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar saylovchining iltimosiga koʻra imzo toʻplashni amalga oshirayotgan shaxs tomonidan kiritilishi mumkin. Imzo varaqasi imzoni toʻplagan shaxs tomonidan oʻz familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilgan holda imzolanadi, shuningdek tegishli siyosiy partiyaning tuman, shahar tuzilmasi rahbari tomonidan muhr bosib tasdiqlanadi. Saylovchilarning imzosini toʻplash ish, xizmat, oʻqish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek tashviqot yuritish va imzo toʻplash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshiriladi. Imzo toʻplayotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va oʻziga ogʻdirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi. Imzo toʻplash tamomlanganidan soʻng siyosiy partiyaning vakolatli vakili Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha alohida-alohida qilib tikilgan imzo varaqalarini Markaziy saylov komissiyasiga topshiradi.