Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir. Nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalar va ularning vakillari saylovoldi tashviqotini (bundan buyon matnda tashviqot deb yuritiladi) qonunda belgilangan shakllarda va usullarda amalga oshirish huquqiga ega. Tashviqot nomzodlarni va partiya roʻyxatini belgilangan tartibda roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yoʻl qoʻyilmaydi. Tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar koʻrsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablagʻlari toʻlash bilan qoʻshib olib borish taqiqlanadi. Notoʻgʻri axborotni tarqatish, shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligini buzish, shuningdek nomzodlarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan maʼlumotlarni tarqatish taqiqlanadi. Quyidagilarning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi: davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining; Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan boʻlinmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning; saylov komissiyalari aʼzolarining; diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga oʻz mansab va xizmat mavqeyidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.