Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugaydi. Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshiriladi. Siyosiy partiyalar: bir mandatli saylov okruglari boʻyicha deputatlikka yetmish besh nafar nomzod, yaʼni har bir saylov okrugidan bittadan deputatlikka nomzod koʻrsatishga; partiya roʻyxati boʻyicha yetmish besh nafardan kam boʻlmagan, yuz nafardan koʻp boʻlmagan deputatlikka nomzod koʻrsatishga vakolatlidir. Bir mandatli saylov okruglarida ayni bir shaxs faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib koʻrsatilishi mumkin. Partiya roʻyxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning aʼzolari yoki partiyasiz boʻlishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning aʼzolari ushbu roʻyxatga kiritilishi mumkin emas. Ayni bir nomzod faqat bitta partiya roʻyxatiga kiritilishi mumkin. Bir mandatli saylov okruglari boʻyicha koʻrsatilgan nomzodlar partiya roʻyxatiga kiritilishi mumkin emas. Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi. Ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari boʻyicha, shuningdek partiya roʻyxati asosida siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida qirq foizini tashkil etishi kerak. Bunda partiya roʻyxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi boʻlishi lozim. Siyosiy partiyalar oʻz partiyasi aʼzolarini yoki partiyasizlarni deputatlikka nomzod etib koʻrsatishga vakolatlidir. Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish hamda partiya roʻyxatini shakllantirish toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi.