Saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradi. Saylov komissiyalari fuqarolarni oʻz ishi toʻgʻrisida, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri va ish vaqti toʻgʻrisida xabardor etadi, saylovchilarning roʻyxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning roʻyxati bilan tanishtiradi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar toʻgʻrisidagi, shuningdek ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi maʼlumotlarni maʼlum qiladi. Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday oʻtayotganligini yoritib boradi. Saylov komissiyalarining majlislari ochiq oʻtkaziladi. Saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi yoki ushbu Kodeksda belgilangan tartibda hammaga maʼlum qilinadi. Saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega.