Saylov kodeksi 80-modda. Senat aʼzolarining saylovi boʻyicha ovoz berishni tashkil etish

Yashirin ovoz berishni oʻtkazish va uning natijalarini aniqlash uchun qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan deputatlar orasidan toʻqqiz nafargacha aʼzodan, shu jumladan komissiya raisi va kotibidan iborat tarkibda Sanoq komissiyasi saylanadi. Sanoq komissiyasi: Senat aʼzoligiga saylov boʻyicha ovoz berishni tashkil etadi va oʻtkazadi; qoʻshma majlis ishtirokchilariga yashirin ovoz berishni oʻtkazish vaqti, joyi va tartibini eʼlon qiladi; saylov byulletenlarini ularga Senat aʼzoligiga har bir nomzodning tugʻilgan yilini koʻrsatgan holda, familiyasi, ismi va otasining ismini alifbo tartibida kiritish orqali tayyorlaydi; ovoz beruvchilarning roʻyxatini aniqlashtiradi, ularga saylov byulletenlarini topshiradi; saylov byulletenining yuz tomoniga muhr qoʻyadi va unda Sanoq komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosining imzosi qoʻyilgan boʻlishini taʼminlaydi; ovozlarni sanab chiqadi va yashirin ovoz berish natijalari toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi; yashirin ovoz berish natijalarini qoʻshma majlisga tasdiqlash uchun kiritadi.