Saylov kuni yigirma bir yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar mahalliy Kengashlar deputatligiga saylanish huquqiga ega. Quyidagilar: sodir etgan ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar; saylov kuniga qadar soʻnggi besh yil mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar; Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qoʻmitasining, boshqa harbiylashtirilgan boʻlinmalarning xodimlari; diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib roʻyxatga olinmaydi. Sudyalar, prokuratura organlarining va ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (bundan viloyat, tuman va shahar hokimlari mustasno) deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan boʻshash toʻgʻrisida ariza berish sharti bilan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib roʻyxatga olinadi.