Shaharsozlik kodeksi 10-modda. Shaharsozlik faoliyatiga doir asosiy talablar

Shaharsozlik faoliyatiga doir asosiy talablar quyidagilardan iborat: shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi; hududlar va aholi punktlarini tabiiy hamda texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar taʼsiridan himoya qilish; atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik talablariga, yongʻinga qarshi hamda sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga rioya etish; suvni muhofaza qilish zonalari, muhandislik va transport infratuzilmasi obyektlarining muhofaza zonalari talablariga rioya etish; madaniy meros obyektlarini va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash talablariga rioya etish; aholi punktlarini aholi punktlarining tegishli turi uchun shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan aholiga xizmat koʻrsatish darajasidan kam boʻlmagan muhandislik, transportga oid hamda ijtimoiy infratuzilmalar obyektlari, rekreatsiya va sogʻlomlashtirish maqsadlariga moʻljallangan obyektlar, shuningdek hududlarni obodonlashtirish obyektlari bilan taʼminlash; nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan (turar joylar, jamoat va ishlab chiqarish binolari, imoratlari va inshootlari, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport obyektlari va boshqa obyektlardan) moneliksiz foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish; shaharsozlik faoliyati sohasidagi qarorlarning muhokamasi va qabul qilinishida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar ishtirok etishi uchun shart-sharoitlarni taʼminlash.