Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar shaharsozlik faoliyati subyektlaridir. Shaharsozlik faoliyati subyektlari: shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar; shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar; obyektlarni qurish boʻyicha pudratchilar; shaharsozlik faoliyati obyektlaridan foydalanuvchilar sifatida ish yuritishi mumkin. Shaharsozlik faoliyati subyektlari tegishli davlat organlaridan aholi punktlarini, ularning tizimlarini va hududlarini kutilayotgan rejalashtirish, qurish hamda rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq boʻlgan, oʻzining shaharsozlik faoliyatiga taʼsir eta oladigan qarorlar tayyorlanishi va qabul qilinishi haqida axborot olish huquqiga ega. Shaharsozlik faoliyati subyektlari qonunchilikka muvofiq oʻziga berilgan yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq foydalanishi, shuningdek madaniy meros obyektlariga, tabiiy hamda sunʼiy landshaftlarga zarar yetkazmasligi, aholining hayot faoliyati muhiti yomonlashishiga, shaharsozlik faoliyati boshqa subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga olib keladigan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymasligi shart.