Shaharsozlik kodeksi 16-modda. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar

Tegishli litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha faoliyatni boshlash toʻgʻrisida vakolatli organni xabardor qilish asosida faoliyat yuritadigan yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar (bundan buyon matnda ishlab chiquvchilar deb yuritiladi) boʻlishi mumkin. Ishlab chiquvchilar: ishlab chiqiladigan shaharsozlik hujjatlarining tarkibi va hajmini qonun hujjatlariga muvofiq belgilash; shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishga doir tanlovlarda ishtirok etish; shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish boʻyicha mualliflik nazoratini olib borish; qurilish, montaj ishlari va maxsus ishlar tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari hamda normativ talablardan fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga tahdid soladigan, madaniy meros obyektlarining shikastlanishi hamda yoʻq qilinishi xavfini tugʻdiradigan, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning, jamiyat va davlatning manfaatlariga ziyon keltiradigan tarzdagi chetga chiqishlar bilan bajarilgan taqdirda, qurilish, montaj ishlarini va maxsus ishlarni toʻxtatib turish yoki tugatish haqida takliflar kiritish; zarur hollarda, shaharsozlik hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega. Ishlab chiquvchilar: shaharsozlik hujjatlarining qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilishini taʼminlashi; oʻzlari ishlab chiqqan shaharsozlik hujjatlarini barcha manfaatdor organlar va tashkilotlar bilan kelishib olishi shart. Ishlab chiquvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.