Tumanlar (shaharlar) ijro etuvchi hokimiyat organlari: shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shuningdek shaharsozlik faoliyati obyektlarining but saqlanishini taʼminlaydi; shaharlar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlari va istiqboldagi urbanizatsiya jarayonlari asosida aholini oqilona joylashtirish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish masalalarini hal qiladi; mahalliy ahamiyatga molik obyektlarni qurishga doir shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi vazifalarini bajaradi va bu obyektlarning moliyalashtirilishini taʼminlaydi; oʻz hududidagi shaharsozlik faoliyatini, agar bu faoliyat shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmasa, cheklaydi, toʻxtatib turadi yoki taqiqlaydi. Tadbirkorlik subyektlarining shaharsozlik faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa real tahdid yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib turish hollari mustasno; oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qiladi; tumanlarni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini, batafsil rejalashtirish loyihalarini, qurish loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi hamda ularning amalga oshirilishini tashkil etadi; aholi punktlarini qurish qoidalari loyihalarini tasdiqlash uchun tegishli hokimiyat vakillik organlariga kiritadi; reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) masalalariga doir shaharsozlik faoliyatini nazorat qiladi hamda rejalashtiradi, shu jumladan reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) qurilishi uchun ajratiladigan yer uchastkalari roʻyxatini shakllantiradi, ularni pasportlashtirishni amalga oshiradi;