Shaharsozlik kodeksi 40-modda. Aholi punktlari bosh rejalarining jamoatchilik ekspertizasi

Aholi punktlari bosh rejalarining jamoatchilik ekspertizasi ushbu rejalarning yuridik va jismoniy shaxslar huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga muvofiqligi yuzasidan oʻrganilishini hamda baholanishini nazarda tutadi. Aholi punktlari bosh rejalarining jamoatchilik ekspertizasi jamoatchilik nazorati subyektlarining tashabbusiga koʻra va jamoatchilik muhokamasini oʻtkazuvchi shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organlariga jamoatchilik ekspertizasini oʻtkazish zaruratini asoslagan holda bergan arizasi asosida oʻtkaziladi. Aholi punktlari bosh rejalarining jamoatchilik ekspertizasini oʻtkazishga doir ariza jamoatchilik muhokamasi oʻtkazilganidan keyin oʻn besh kun ichida shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinadi. Jamoatchilik ekspertizasi jamoatchilik asosida, jamoatchilik nazorati subyektlarining mablagʻlari, homiylik mablagʻlari yoki qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi. Aholi punktlari bosh rejalarining jamoatchilik ekspertizasi natijalari boʻyicha yakuniy hujjat tayyorlanib, u shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organiga va buyurtmachiga taqdim etiladi. Aholi punktlari bosh rejalarining buyurtmachilari aholi punktlari bosh rejalari jamoatchilik ekspertizasining yakuniy hujjatiga doir javoblarni ushbu hujjatni tasdiqlash toʻgʻrisida uzil-kesil qaror qabul qiluvchi shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organiga taqdim etadi. Aholi punktlarining bosh rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida uzil-kesil qaror qabul qiluvchi shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organi oʻtkazilgan jamoatchilik muhokamasi natijalari bilan bir qatorda jamoatchilik ekspertizasining yakuniy hujjatida keltirilgan tavsiyalarni hisobga oladi.