Shaharsozlik kodeksi 43-modda. Aholi punktining muqobil bosh rejasini ishlab chiqish tartibi

Aholi punktining muqobil bosh rejasi aholi punktining taklif etilgan bosh rejasidan norozi boʻlgan jamoatchilik nazorati subyektlarining tashabbusiga koʻra va ularning mablagʻlari hisobidan bajariladigan loyihaviy, ilmiy ishlanmadan iborat. Aholi punkti muqobil bosh rejasining tashabbuskori mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organiga oʻz aholi punktining bosh rejasini muqobil bosh reja deb topish toʻgʻrisida yozma ariza bilan murojaat qiladi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi yozma arizani olganidan keyin aholi punkti bosh rejasining tayyorlik darajasini hisobga olgan holda, uni muqobil bosh reja deb topish hamda jamoatchilik ekspertizasiga va jamoatchilik muhokamalariga taqdim etish yoki uni asoslangan holda rad etish haqida qaror qabul qiladi. Aholi punktining bosh rejasini muqobil bosh reja deb topishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ustidan ushbu Kodeksning 39-moddasida nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilinishi mumkin. Aholi punktining muqobil bosh rejasini ishlab chiqish, ekspertiza qilish, kelishib olish va uning jamoatchilik muhokamasi ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Aholi punktining bosh rejasi muqobil bosh reja deb topilgan taqdirda, tashabbuskorga uni ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni ushbu bosh rejaning buyurtmachisi tomonidan qoplanadi.