Shaharsozlik hujjatlari tarkibiga quyidagilar kiradi: 1) Oʻzbekiston Respublikasining hududini va hududining qismlarini rivojlantirishni rejalashtirish toʻgʻrisidagi hujjatlar: Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhi; Oʻzbekiston Respublikasi hududining ikki va undan ortiq viloyat hududlarini oʻz ichiga olgan qismlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari (bundan buyon matnda shaharsozlik jihatidan rejalashtirishning biriktirma tarhlari deb yuritiladi); Oʻzbekiston Respublikasi hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhi; Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlari; 2) Oʻzbekiston Respublikasining viloyatlari hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish toʻgʻrisidagi hujjatlar: Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari; tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihasi; 3) aholi punktlarining hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish toʻgʻrisidagi hujjatlar: aholi punktlarining bosh rejalari; aholi punktlari chegara chiziqlarining loyihalari; aholi punktlari hududlarini rivojlantirishning tarmoq tarhlari; aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish tarhlari; 4) aholi punktlarining hududlarini qurish toʻgʻrisidagi hujjatlar: batafsil rejalashtirish loyihasi; qurish loyihasi; 5) shaharsozlik faoliyati obyektlarining qurilishi uchun loyihaoldi va loyiha hujjatlari: qurilishning texnik-iqtisodiy asosi; qurilishning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari; loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, loyiha-smeta hujjatlari, ishchi hujjatlar). Qonun hujjatlariga muvofiq shaharsozlik hujjatlari tarkibiga shaharsozlik hujjatlarining boshqa turlari ham kirishi mumkin.