Davlat shaharsozlik kadastri Davlat kadastrlarining yagona tizimiga kiradi. Davlat shaharsozlik kadastri: muhandislik-texnik qidiruvlarning elektron geofondini; hududlarning, koʻchmas mulk obyektlarining, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmaning manzilli reyestrlarini; hududlarni rivojlantirish va qurishni rejalashtirish toʻgʻrisidagi tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari haqidagi maʼlumotlarni; hududlarni hamda shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish va ulardan foydalanish boʻyicha shaharsozlik reglamentlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni; loyihalar, shaharsozlik faoliyati obyektlari va subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Davlat shaharsozlik kadastrini yuritish maxsus vakolatli davlat organi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.