Shaharsozlik normalari va qoidalari shaharsozlikning asosi boʻlib, ular shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan bajarilishi majburiydir. Shaharsozlik normalari va qoidalari normativ hujjatlar boʻlib: hududlarni rivojlantirishni va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish; muhandislik qidiruvlari; loyihalashtirish, shu jumladan texnologik loyihalashtirish; obyektlarni qurishni, rekonstruksiya qilishni, mukammal va joriy taʼmirlashni, shuningdek buzishni amalga oshirish; obyektlardan foydalanish, ularni taʼmirlash yoki qayta tiklash (ishlarni tashkil etish, yuritish va qabul qilib olish); obyektlarning muhandislik tizimlarini oʻrnatish; obyektlarning qiymatini belgilash; qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish hamda ulardan foydalanish chogʻidagi majburiy talablarni belgilaydi. Oʻzbekiston Respublikasining geologik, tabiiy-iqlimiy, seysmologik hamda boshqa oʻziga xos xususiyatlariga moslashtirilgan shaharsozlik faoliyati sohasidagi xalqaro va xorijiy normativ-texnik hujjatlardan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi. Shaharsozlik normalari va qoidalari toʻgʻrisidagi axborot shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. Shaharsozlik normalari va qoidalari chegaradosh yer uchastkalari, reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) hamda boshqa koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlarining, egalarining va ulardan foydalanuvchilarning, shuningdek shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda qaysi yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga daxl qilinishi mumkin boʻlsa, oʻsha yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari masalalari yuzasidan davlat organlari tomonidan qarorlar qabul qilinishi uchun asos boʻladi.