Hududlarning zonalashtirilishi qulay hayot faoliyati muhitini taʼminlashga, hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar taʼsiridan muhofaza qilishga, aholi hamda ishlab chiqarish haddan tashqari zich joylashishining, atrof-muhit ifloslanishining oldini olishga va muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan foydalanishga, shuningdek madaniy meros obyektlarini, qishloq xoʻjaligi yerlari va oʻrmonzorlarni muhofaza qilishga qaratilgan. Hududlardan shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalanishga doir cheklovlar: madaniy meros obyektlarining muhofaza zonalarida, qoʻriqxona zonalarida; muhofaza etiladigan tabiiy hududlar zonalarida; sanitariya zonalarida; muhofaza zonalarida; sanitariya-muhofaza zonalarida; foydali qazilmalar joylashgan zonalarda; tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarning taʼsiriga duchor boʻlgan zonalarda; favqulodda ekologik vaziyatlar va ekologik falokat zonalarida; alohida (ekstremal) tabiiy-iqlim sharoitli zonalarda belgilanadi. Hududlardan shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalanishga doir cheklovlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa zonalarda ham belgilanishi mumkin. Hududlarning funksional maqsadi va ulardan foydalanish jadalligi hududlardan foydalanishga doir cheklovlar hisobga olingan holda belgilanadi. Aholi punkti hududining funksional zonalashtirilishini belgilovchi shaharsozlik hujjatlari yuridik va jismoniy shaxslarning, jamiyat va davlatning manfaatlaridan, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, investitsiyalar jalb qilish, rekreatsiya va madaniy zonalarni shakllantirish zaruratidan kelib chiqqan holda qayta koʻrib chiqilishi lozim.