Aholi punktlarining hududlarida quyidagi hududiy zonalar belgilanishi mumkin: turar joy zonalari; ijtimoiy-amaliy zonalar; ishlab chiqarish zonalari; muhandislik va transportga oid infratuzilmalar zonalari; rekreatsiya zonalari; qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalaniladigan zonalar; maxsus maqsadlarga moʻljallangan zonalar; harbiy obyektlar va boshqa rejimli hududlar zonalari; shahar atrofi zonalari. Mahalliy sharoitlarga muvofiq xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari boshqa hududiy zonalarni belgilashi, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalarini hisobga olgan holda ularga yer uchastkalarini hamda boshqa obyektlarni kiritishi mumkin. Aholi punktlari hududiy zonalarining chegaralari qizil chiziqlar, tabiiy obyektlarning tabiiy chegaralari, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalari chegaralari inobatga olingan holda belgilanadi. Har bir hududiy zona uchun shaharsozlik reglamenti bilan belgilangan huquqiy rejim unda joylashgan barcha yer uchastkalariga, binolarga, inshootlarga va ularning majmualariga nisbatan bir xil qoʻllaniladi. Chegaralarida shaharsozlik faoliyati alohida tartibga solinishi lozim boʻlgan hududiy zonalarda ayrim binolarni, inshootlarni hamda ularning majmualarini loyihalashtirish va qurishga nisbatan qoʻshimcha talablar belgilanishi mumkin.