Alohida tartibga solinishi lozim boʻlgan shaharsozlik faoliyati obyektlari umumdavlat yoki mahalliy ahamiyatga molik boʻlishi mumkin. Shaharsozlik faoliyati quyidagi hollarda alohida tartibga solinishi lozim, agar: hududlar hamda aholi punktlari tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar taʼsiriga duchor boʻlgan boʻlsa; hududlar yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori konsentratsiyalardan ortiqcha kimyoviy va biologik moddalar, zararli mikroorganizmlar, yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori darajalardan ortiqcha miqdorlarda radioaktiv moddalar bilan ifloslangan boʻlsa; shaharsozlik faoliyati muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda amalga oshirilayotgan boʻlsa. Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlari jumlasiga quyidagilar ham kiritilishi mumkin: muhofaza etiladigan noyob landshaftlarga ega hududlar; muhofaza etiladigan tabiiy hududlar; kurort uchun moʻljallangan hududlar; rekreatsiya uchun moʻljallangan hududlar; maxsus iqtisodiy zonalarning hududlari; kichik sanoat zonalarining hududlari; suv resurslarining muhofaza zonalari; Toshkent shahri hududi; Nukus shahri hududi; viloyatlarning maʼmuriy markazlari boʻlgan shaharlar hududlari; Toshkent va Nukus shaharlariga, viloyatlar va tumanlarning maʼmuriy markazlariga tutash zonalar; madaniy meros obyektlari mavjud boʻlgan aholi punktlari; kurort aholi punktlari; qoʻriqxona aholi punktlari; turistik salohiyatiga ega boʻlgan aholi punktlari; alohida (ekstremal) tabiiy-iqlim sharoitlariga ega boʻlgan aholi punktlari; hayot faoliyatining alohida rejimi belgilangan aholi punktlari (harbiy obyektlar va boshqa rejimli hududlar, davlat qoʻriqxonalarining hududida hamda boshqa qoʻriqlanadigan tabiiy hududlarda joylashgan aholi punktlari).