Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishning maqsadlari mulkdor va (yoki) operatorning faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar, nizomlar, taʼsis hujjatlari yoki boshqa hujjatlar bilan belgilanadi hamda ushbu Qonunga muvofiq boʻlishi kerak. Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishning maqsadlari ularni yigʻish chogʻida ilgari bildirilgan maqsadlarga, shuningdek mulkdorning va (yoki) operatorning huquq va majburiyatlariga muvofiq boʻlishi kerak. Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishning maqsadi oʻzgargan taqdirda, mulkdor va (yoki) operator subyektning oʻz maʼlumotlariga oʻzgargan maqsadga muvofiq ishlov berilishi uchun roziligini olishi kerak. Shaxsga doir maʼlumotlar aniq va ishonchli boʻlishi, zarur boʻlgan taqdirda esa oʻzgartirilishi va toʻldirilishi kerak. Shaxsga doir maʼlumotlar bazasiga kiritilishi mumkin boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlarning hajmi subyekt tomonidan ushbu Qonunga muvofiq belgilanadi. Ishlov beriladigan shaxsga doir maʼlumotlarning hajmi va xususiyati ularga ishlov berish maqsadlari va usullariga muvofiq boʻlishi kerak. Shaxsga doir maʼlumotlarga subyektni identifikatsiya qilishga yoʻl qoʻyiladigan shaklda yoki egasizlantirilgan tarzda ishlov beriladi. Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish muddati subyektning oʻz shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berishga roziligi amal qiladigan muddatdan oshib ketmasligi kerak.