Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida 4-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi: shaxsga doir maʼlumotlar — muayyan jismoniy shaxsga taalluqli boʻlgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qogʻozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot; shaxsga doir maʼlumotlar subyekti (subyekt) — shaxsga doir maʼlumotlar oʻziga taalluqli boʻlgan jismoniy shaxs; shaxsga doir maʼlumotlar bazasi — tarkibida shaxsga doir maʼlumotlar mavjud boʻlgan axborot tizimi tarzidagi maʼlumotlar bazasi; shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish — shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yoʻq qilish boʻyicha bir harakatni yoki harakatlar majmuini amalga oshirish; shaxsga doir maʼlumotlar bazasining operatori (operator) — shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishni amalga oshiruvchi davlat organi, jismoniy va (yoki) yuridik shaxs; shaxsga doir maʼlumotlar bazasining mulkdori (mulkdor) — shaxsga doir maʼlumotlar bazasiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqiga ega boʻlgan davlat organi, jismoniy va (yoki) yuridik shaxs; uchinchi shaxs — subyekt, mulkdor va (yoki) operator boʻlmagan, ammo shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish boʻyicha holatlar yoki munosabatlar orqali ular bilan bogʻliq boʻlgan har qanday shaxs.