Vakolatli organlarning soliq toʻlovchilar va soliq agentlari tomonidan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilishga doir faoliyati soliq nazoratidir. Soliq nazorati maqsadida ushbu Kodeksning 133-moddasida koʻrsatilgan davlat organlari, muassasalari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar soliq toʻlovchilarni soliq boʻyicha hisobga olish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq organlariga taqdim etishi shart. Soliq nazorati maqsadida banklar ushbu Kodeksning 134-moddasida oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajaradi. Soliq, bojxona organlari va boshqa vakolatli organlar, prokuratura organlari hamda tergov organlari soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlari, oʻzlari olib borayotgan soliq tekshiruvlari haqidagi oʻzida mavjud materiallar toʻgʻrisida bir-birini xabardor qiladi. Shuningdek mazkur organlar oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida boshqa zarur axborot bilan almashishni amalga oshiradi. Bunday xabardor qilish tartibi mazkur organlar oʻrtasidagi kelishuvlar bilan belgilanadi. Soliq toʻlovchi (soliq agenti) toʻgʻrisida qonunchilik talablarini buzgan holda olingan hujjatlar yoki boshqa axborot ushbu shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortishga asos boʻlib xizmat qilishi mumkin emas. Soliq nazorati materiallari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda soliq toʻlovchi hisobda turgan joydagi soliq organida tekshiruv tugagan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.