Soliq auditi, sayyor soliq tekshiruvi yoki qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida oʻtkazilgan taftish natijasida aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar ushbu Kodeksning 158 va 159-moddalarida nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqiladi. Mazkur koʻrib chiqish tartibi ushbu Kodeksning 223 yoki 224-moddalarida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklarga nisbatan ham qoʻllaniladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan, soliq tekshiruvi va (yoki) soliq nazoratining boshqa tadbirlari natijasida aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar, agar ushbu Kodeksning 159¹-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu Kodeksning 165 va 166-moddalarida nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqiladi. Soliq organlarining mansabdor shaxslari tomonidan ushbu Kodeksda belgilangan talablarga rioya etmaslik yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan soliq organining qarorini bekor qilish uchun asos boʻlishi mumkin. Soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish tartib-taomilining muhim shartlarini buzish yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan soliq organining soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish va (yoki) soliq summalarini qoʻshib hisoblash toʻgʻrisidagi qarorini bekor qilish uchun asos boʻladi. Bunday muhim shartlar jumlasiga oʻziga nisbatan soliq tekshiruvi oʻtkazilgan shaxsning soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish jarayonida shaxsan va (yoki) oʻz vakili orqali ishtirok etish imkoniyatini taʼminlash hamda soliq toʻlovchining tushuntirishlar berish imkonini taʼminlash kiradi. Soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish tartib-taomilining boshqacha buzilishlari ham, agar bunday qoidabuzarliklar soliq organi rahbari (rahbar oʻrinbosari) tomonidan gʻayriqonuniy qaror qabul qilishga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlsa, yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan soliq organining qarorini bekor qilish uchun asos boʻlishi mumkin.