Soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha ushbu Kodeksning 159-moddasida nazarda tutilgan tartibda qabul qilingan qaror, agar ushbu Kodeksning 159¹-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa oʻziga nisbatan ushbu qaror qabul qilingan shaxsga (shaxsning vakiliga) berilgan kundan eʼtiboran bir oy oʻtgach kuchga kiradi. Soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha qaror u qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki kun ichida oʻziga nisbatan ushbu qaror qabul qilingan shaxsga (uning vakiliga) imzo qoʻydirib berilishi yoki olingan sana toʻgʻrisida dalolat beruvchi boshqa usul orqali topshirilishi kerak. Agar qarorni berish yoki u olingan sana toʻgʻrisida dalolat beruvchi boshqa usulda topshirish imkoni boʻlmasa, u yuridik shaxsning (alohida boʻlinmaning) joylashgan yeri yoki jismoniy shaxsning yashash joyi boʻyicha pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi. Qaror pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilganda buyurtma xat yuborilgan kundan eʼtiboran beshinchi kun u berilgan sana deb hisoblanadi. Soliq organining qarori ustidan shikoyat berilgan taqdirda, mazkur qaror ushbu Kodeksning 163-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradi. Oʻziga nisbatan tegishli qaror chiqarilgan shaxs qaror kuchga kirguniga qadar uni toʻliq yoki qisman ijro etishga haqli. Bunda shikoyatning berilishi shaxsni kuchga kirmagan qarorni toʻliq yoki qisman ijro etish huquqidan mahrum etmaydi.