Soliq kodeksi 172-modda. Soliq monitoringini muddatidan oldin tugatish

Soliq monitoringi quyidagi hollarda muddatidan oldin tugatiladi: 1) axborotga doir hamkorlik reglamenti yuridik shaxs tomonidan ijro etilmaganda, agar bunday ijro etmaslik soliq monitoringini oʻtkazish uchun toʻsiq boʻlgan boʻlsa; 2) soliq organi tomonidan soliq monitoringini oʻtkazish chogʻida yuridik shaxs tomonidan ishonchli boʻlmagan axborot taqdim etilganligi fakti aniqlanganda; 3) soliq monitoringini oʻtkazish jarayonida ushbu Kodeksning 173-moddasida nazarda tutilgan tartibda hujjatlar (axborot), tushuntirishlar soliq organiga muntazam ravishda (ikki marta va undan ortiq) taqdim etilmaganda. Soliq organi ushbu moddaning 1-bandida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida, lekin soliq monitoringi oʻtkazilayotgan davrdan keyingi yilning 1-iyunidan kechiktirmay yuridik shaxsni soliq monitoringini muddatidan oldin tugatish toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qiladi.