Ushbu Kodeks maqsadida taqqoslanadigan bitimlar, agar ular tahlil etiladigan bitimlar bilan bir xil tijoratga oid va (yoki) moliyaviy shartlarda tuziladigan boʻlsa, tahlil etiladigan bitim bilan taqqoslanadigan bitim deb eʼtirof etiladi. Agar taqqoslanadigan bitimlarning tijorat va (yoki) moliyaviy shartlari tahlil etiladigan bitimning shartlaridan farq qilsa, bunday bitimlar, agar tahlil etiladigan va taqqoslanadigan bitimlarning mazkur shartlari oʻrtasidagi farqlar ularning natijalariga jiddiy taʼsir koʻrsatmasa, tahlil etiladigan bitim bilan taqqoslanadigan bitimlar deb eʼtirof etilishi mumkin. Agar ushbu bitimlarning shartlaridagi farqlarning bu bitimlar shartlariga va (yoki) natijalariga doir tegishli tuzatishlarni soliq solish maqsadida qoʻllash yordamida hisobga olinishi mumkin boʻlsa, bunday bitimlar ham tahlil etiladigan bitim bilan taqqoslanadigan bitimlar deb eʼtirof etilishi mumkin. Bitimlarning taqqoslanishini aniqlashda, shuningdek bitimlarning tijoratga oid va (yoki) moliyaviy shartlarini tuzatishlarni amalga oshirish uchun tahlil etiladigan hamda taqqoslanadigan bitimlarning mustaqil shaxslar oʻrtasidagi bitimlarning tijoratga oid va (yoki) moliyaviy shartlariga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan asosiy tavsiflarining tahlili oʻtkaziladi. Bunday tahlil ushbu Kodeksning 184-moddasiga muvofiq oʻtkaziladi.