Qoʻshilgan qiymat soligʻining soliq toʻlovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qoʻyishning belgilangan tartibi soliq toʻlovchi tomonidan buzilganda, — soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hisobga qoʻyish sanasidan haqiqatda hisobga qoʻyilgan sanagacha boʻlgan davrda olgan daromadining besh foizi miqdorida, lekin besh million soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning birinchi qismi qoidalari 2026-yil 1-yanvardan boshlab ilk marta aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan qoʻshilgan qiymat soligʻini va foyda soligʻini toʻlashga oʻtgan soliq toʻlovchilarga nisbatan ular qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtish majburiyati yuzaga kelgan muddatdan eʼtiboran bir yil ichida roʻyxatdan oʻtgan hollarda tatbiq etilmaydi. Ushbu Kodeksning 131-moddasida nazarda tutilgan hollarda soliq solish obyekti boʻyicha soliq organlarida hisobga qoʻyish muddatlari buzilganda, agar hisobga qoʻyishning belgilangan muddatidan oʻtishi: oʻttiz kundan koʻp boʻlmaganda, — bir million soʻm miqdorida jarima solishga sabab boʻladi; oʻttiz kundan koʻp boʻlganda, — ikki million soʻm miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Chet el yuridik shaxsi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy muassasasini tashkil etishga olib keluvchi faoliyatning soliq organida hisobga qoʻymasdan amalga oshirilishi — bunday faoliyatni amalga oshirish boshlangandan haqiqatda hisobga qoʻyilgan sanagacha boʻlgan davrda olingan daromaddan oʻn foiz miqdorida, lekin oʻn million soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshirish, — bunday faoliyatdan olingan daromadlarning oʻn foizi miqdorida, lekin bir million soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.