Soliq kodeksi 230-modda. Shikoyat berish huquqi

Har bir shaxs soliq organlarining normativ xususiyatga ega boʻlmagan hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan, agar ushbu shaxsning fikriga koʻra bunday hujjatlar, harakatlar (harakatsizlik) uning huquqlarini buzsa, shikoyat berish huquqiga ega. Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka yoki idoraviy normativ hujjatlarga muvofiq tuzilgan, soliq organlarining bir yoki bir nechta jismoniy yoki yuridik shaxsga qaratilgan, yuridik ahamiyatga molik muayyan harakatlarni sodir etishga undovchi koʻrsatmasi mavjud boʻlgan hujjat soliq organining normativ xususiyatga ega boʻlmagan hujjati deb eʼtirof etiladi. Soliq organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin. Soliq organining sayyor soliq tekshiruvi yoki soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilgan qarori yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan bekor qilingan taqdirda, ushbu qaror boʻyicha soliqlarning va moliyaviy sanksiyalarning undirilgan (toʻlangan) summalari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ushbu summalar undirilgan (toʻlangan) davrda amalda boʻlgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblangan foizlarni inobatga olgan holda qaytarilishi (hisobga olinishi) lozim.