Sugʻurta qilish, birgalikda sugʻurta qilish va qayta sugʻurta qilish xizmatlari boʻyicha sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan amalga oshiriladigan sugʻurta qilish boʻyicha xizmatlar bu xizmatlar natijasida: 1) sugʻurta bozorining professional ishtirokchisi quyidagilarni olsa, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi: sugʻurta qilish, birgalikda sugʻurta qilish va qayta sugʻurta qilish shartnomalari boʻyicha sugʻurta mukofotlari; qayta sugʻurta qilishga topshirilgan shartnomalar boʻyicha vositachilik haqi va tantyemalar; sugʻurta agenti, sugʻurta va qayta sugʻurta brokeri, syurveyer hamda sugʻurta bozorining boshqa professional ishtirokchilarining xizmatlari uchun vositachilik haqi; sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari (aktuariylar, ajasterlar, syurveyerlar, assistans xizmatlari va shu singarilar) koʻrsatgan xizmatlardan olinadigan daromadlar; qonunchilikka muvofiq sugʻurtalovchiga oʻtgan, sugʻurta qildiruvchining (naf oluvchining) yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxslardan talab qilish huquqini realizatsiya qilishdan olinadigan mablagʻlar; qayta sugʻurta qilish shartnomalari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, ular boʻyicha sugʻurta mukofotlarining qaytarib berilgan qismi summalari; bevosita sugʻurta faoliyatini amalga oshirishdan olinadigan boshqa daromadlar; 2) sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) quyidagilarni olsa, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi: sugʻurta toʻlovi (sugʻurta tovoni); preventiv tadbirlar oʻtkazish uchun beriladigan mablagʻlar; sugʻurta qilish shartnomasi zararsiz amal qilishi uchun sugʻurtalovchi toʻlaydigan mablagʻlar; sugʻurta qilish shartnomasiga muvofiq boshqa mablagʻlar. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda ushbu modda qoidalarining qoʻllanilish tartibi yuzasidan, ayrim aylanmalarni batafsillashtirgan holda, tushuntirishlar berishga haqli.