Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish aylanmasi toʻlangan soliqni qoplash (qaytarish) yoʻli bilan nol darajali stavkasi boʻyicha tortiladi, agar ushbu tovarlar (xizmatlar) quyidagicha olinsa: 1) chet el diplomatik vakolatxonalarining va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning rasmiy foydalanishi uchun, shuningdek ushbu vakolatxonalar diplomatik va maʼmuriy-texnik xodimlarining (shu jumladan ular bilan birga yashaydigan oila aʼzolarining) shaxsiy foydalanishi uchun; 2) Mahsulot taqsimotiga oid bitim doirasida tovarlarni (xizmatlarni) sotib olayotgan soliq toʻlovchilar tomonidan, agar bitimda nol darajali stavka qoʻllanilishi nazarda tutilgan boʻlsa. Agar tegishli chet davlatning qonunchiligida Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalariga va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarga, ushbu vakolatxonalarning diplomatik hamda maʼmuriy-texnik xodimlariga (shu jumladan ular bilan birga yashaydigan oila aʼzolariga) nisbatan xuddi shunday tartib belgilangan boʻlsa yoxud bunday norma Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, nol darajali stavkani qoʻllash ushbu moddaning birinchi qismi 1-bandiga muvofiq amalga oshiriladi. Nol darajali stavka qimmatbaho metallarni ishlab chiqaruvchilar tomonidan qimmatbaho metallarni olish boʻyicha vakolatli organga realizatsiya qilinadigan bunday metallarga nisbatan qoʻllaniladi. Qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari (bundan paxta va gʻalla mustasno) roʻyxatiga kiritilgan tovarlarni realizatsiya qilish aylanmasiga nisbatan nol darajali stavkada soliq solinadi.