Soliq kodeksi 265-modda. Soliqni hisoblab chiqarish tartibi

Ushbu Kodeksning 247 — 257-moddalariga muvofiq soliq bazasini aniqlashda soliq summasi soliq bazasining soliq stavkasiga muvofiq boʻlgan foizli ulushi sifatida hisoblab chiqariladi. Soliq summasi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir operatsiyalarning soliq bazasidan, tegishli soliq davriga taalluqli boʻlgan aylanmalarni amalga oshirish sanasidan kelib chiqqan holda, tegishli soliq davrida soliq bazasini koʻpaytiradigan yoki kamaytiradigan barcha oʻzgartishlar hisobga olingan holda har bir soliq davrining yakunlariga koʻra hisoblab chiqariladi. Tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda soliqning umumiy summasi ushbu Kodeksning 254-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan soliq bazasining soliq stavkasiga mos keladigan foizli ulushi sifatida hisoblab chiqariladi. Agar ushbu Kodeksning 254-moddasi toʻrtinchi qismida belgilangan talablarga muvofiq soliq bazasi Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan tovarlarning har bir guruhi boʻyicha alohida aniqlansa, soliq summasi mazkur soliq bazalarining har biri boʻyicha alohida hisoblab chiqariladi. Bunda soliqning umumiy summasi bunday soliq bazalarining har biri boʻyicha alohida hisoblab chiqarilgan soliq summalarini qoʻshish orqali hisoblab chiqariladi.