Agar soliq toʻlovchi soliq solinadigan va soliq solishdan ozod etiladigan aylanmalarni amalga oshirsa, soliq solinadigan aylanmaga toʻgʻri keladigan soliq summasi hisobga olish uchun qabul qilinadi. Hisobga oʻtkazilishi lozim boʻlgan soliq summasi soliq toʻlovchining tanloviga koʻra alohida-alohida usulda va (yoki) mutanosib usulda aniqlanadi. Alohida-alohida usul boʻyicha soliq toʻlovchi soliq solinadigan va soliq solishdan ozod etilgan aylanmalar uchun foydalaniladigan, olingan tovarlarning (xizmatlarning) hamda ular boʻyicha toʻlangan soliq summalarining alohida-alohida hisobini yuritadi. Bunda alohida-alohida hisobni yuritish imkoni boʻlmagan umumiy xarajatlar boʻyicha xarajatlarni ajratish mutanosib usulda amalga oshiriladi. Mutanosib usul boʻyicha soliq toʻlovchi tomonidan hisobga olish uchun qabul qilinadigan soliq summasi soliq solinadigan aylanma summasining tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish (soliqni hisobga olmasdan) boʻyicha aylanmaning umumiy summasidagi joriy kalendar yil ichida oʻsib boruvchi yakun bilan aniqlanadigan solishtirma miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Mutanosib usuldan foydalanish chogʻida hisobga olish uchun qabul qilinmagan soliq, shuningdek ushbu Kodeksning 269-moddasida nazarda tutilgan tartibda hisobga olinishi lozim boʻlgan soliq summasiga tuzatish kiritilgan hollarda hisobga olishga qabul qilinmagan soliq soliq toʻlovchi tomonidan foyda soligʻini hisoblab chiqarish chogʻida chegirib tashlanadigan xarajatlar tarkibida hisobga olinadi. Agar soliq solinadigan aylanmalarning ulushi joriy soliq davrida aylanma umumiy summasining 5 foizidan oshib ketmasa, soliq toʻlovchi haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar boʻyicha), shu jumladan uzoq muddatli aktivlar boʻyicha toʻlangan (toʻlanishi lozim boʻlgan) soliq summasini joriy soliq davrida olingan tovarlarning (xizmatlarning) qiymatiga toʻliq kiritishga haqli.