Soliq kodeksi 281-modda. Elektron shaklda xizmatlar koʻrsatishda chet el yuridik shaxslari tomonidan soliq hisobotlarini taqdim etish va soliqni toʻlash tartibi

Ushbu Kodeksning 82-moddasida belgilangan elektron shakldagi xizmatlar koʻrsatuvchi chet el yuridik shaxslari soliq organiga soliq hisobotini soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali, belgilangan format boʻyicha elektron shaklda taqdim etadi. Chet el yuridik shaxslari tomonidan soliq organiga hujjatlarni (axborotni) va maʼlumotlarni taqdim etish uchun soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetidan foydalanish mumkin boʻlmagan davrda bunday hujjatlar (axborot) va maʼlumotlar telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali taqdim etiladi. Soliq hisobotlari, hujjatlar (axborot) va boshqa maʼlumotlar oʻtgan chorakdan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirmay taqdim etiladi. Chet el yuridik shaxslari tomonidan soliqni toʻlash soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kechiktirmay amalga oshiriladi.