Aksiz toʻlanadigan tovarlar eksportini tasdiqlovchi hujjatlar quyidagilardan iboratdir: 1) eksport qilinadigan aksiz toʻlanadigan tovarlarni yetkazib berishga doir kontrakt (kontraktning belgilangan tartibda tasdiqlangan koʻchirma nusxasi); 2) tovarlarni eksport rejimida chiqarishni amalga oshiruvchi bojxona organining belgisi qoʻyilgan bojxona yuk deklaratsiyasi; 3) Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidagi oʻtkazish punktida joylashgan bojxona organining tovarlar tayinlangan mamlakatga joʻnatilganligini tasdiqlovchi belgisi qoʻyilgan, tovarga ilova qilinadigan hujjatlar; 4) chet ellik sotib oluvchi (toʻlovchi) tomonidan eksport qilinayotgan tovarlar uchun haq toʻlanganligini tasdiqlovchi bank hujjatidan koʻchirma. Tovarlarni chet el valyutasida eksport qilish yuzasidan daromadlar tovarlar eksport rejimiga chiqarilgan kundan eʼtiboran bir yuz sakson kalendar kuni ichida kelib tushmagan taqdirda, tovarlarni eksportga realizatsiya qilish soliq solishning obyekti deb eʼtirof etiladi. Tovarlar eksportga vositachi (ishonchli vakil) orqali vositachilik (topshiriq) shartnomasi boʻyicha realizatsiya qilingan taqdirda eksportni tasdiqlash uchun komitent (topshiriq beruvchi) tomonidan soliq toʻlovchining vositachi yoki ishonchli vakil bilan tuzilgan vositachilik shartnomasi yoki topshiriq shartnomasi (shartnomaning koʻchirma nusxasi) qoʻshimcha ravishda taqdim etiladi.